Ular qanday qilib buyuk bo‘lishgan?

Ular qanday qilib buyuk bo‘lishgan?

Men u yerga o‘zimni shu ongacha bir zum tark etmagan, ruhim, aqlim, qulog‘im, ko‘zim va butun borlig‘imga o‘rnashib ketgan azaliy orzum bilan yo‘l oldim. U ham bo‘lsa kichikkina bo‘lsada, dvigatel yasash orzusi edi...

Har bir sanoatning bitta asosiy qoidasi bo‘lishini, boshqacha qilib aytganda, modeli borligini bilardim. Demak o‘sha modelni yasashni o‘rganib olsangiz, bu shu sanoat sirini bilish uchun tashlangan eng muhim qadam bo‘lib hisoblanadi.

Ustozlarim meni zavod yoki amaliyot xonasiga olib borish o‘rniga doim o‘qib-o‘rganishim uchun kitoblar beraverishardi. Toki men o‘sha kitoblarni o‘qib mexanika nazariyasini to‘liq o‘zlashtirib oldim. Lekin (qanday kuchga egaligidan qat'i nazar) biron bir dvigatel qarshisiga borib qolsam, chiroyli, biroq o‘ynash qiyin bo‘lgan murakkab o‘yinchoqni qo‘liga olgancha, nima qilarini bilmay, hayron qolgan yosh boladay hangu-mang bo‘lib qolaverardim. Men dvigatelni quchoqlab u bilan hazillashishni, ichki qismlarini qo‘lga olib silab-siypalashni, u bilan gaplashishni, uni to‘yib-to‘yib hidlab, moyi bilan kiyim va qo‘llarimni bo‘yashni shunchalar xohlardimki!.. Lekin, bularning bari orzuligicha qolib ketaverardi. Bular menga kun sayin tinchlik bermay qo‘ygan, tamomila oromimni o‘g‘irlagan barhayot orzular edi...

Kunlarning birida Italiyada ishlab chiqarilgan dvigatellar ko‘rgazmasi bo‘lishi haqida eshitib qoldim. Hali oyning boshi, stipendiyamni ishlatmagandim. Ko‘rgazmani aylanar ekanman, ikki ot kuchiga ega bo‘lgan dvigatelni ko‘rib qoldim. Narxi mening bir oylik stipendiyamga teng ekan. Pulimni cho‘ntakdan chiqarib sotuvchiga berdimda, quvonchim ichimga sig‘may, dvigatelni ko‘targancha õonam tomon yo‘l oldim. U juda og‘ir bo‘lishiga qaramay, men yo‘lda umuman charchoqni his qilmadim. Nihoyat, xonamga kelib uni o‘rtadagi stol ustiga avaylab qo‘ydim-da, go‘yo qimmatbaho toshlardan yasalgan tojga termulganday unga suqlanib qaradim. Keyin o‘zimga-o‘zim “Mana, Yevropa kuch-qudratining siri!”, deb qo‘ydim. Agar men ham õuddi shunday dvigatel yasay olsam, Yaponiyaning taraqqiyot yo‘lini tamomila o‘zgartirib yuborgan bo‘lardim...

 

Xayolimga bu dvigatel otning taqasiga o‘xshagan va g‘ildiraksimon magnitli turli shakl hamda xususiyatga ega bo‘lgan bir qancha ehtiyot qismlar va simlardan iborat degan fikr keldi. Agar shu ehtiyot qismlarni yechib olib, keyin qanday echgan bo‘lsam, shunday qayta yig‘a olsam va yana u oldingiday ishlasa, men modelni tushunish yo‘lida juda muhim ishni amalga oshirgan bo‘laman, deb o‘yladim.

O‘zimda mavjud kitoblar ichidan aynan dvigatel rasmi tushirilgan betlarni qidirib topdim. Oldimga ko‘pgina oq qog‘ozlar va ish qurollarimni olib kelib qo‘ydimda, so‘ng ishga jiddiy kirishdim. Dvigatel ustidagi himoya qismini yechgach, uning umumiy ko‘rinishini chizib oldim. Keyin asta-sekin boshqa ehtiyot qismlarni echa boshladim. Har bir echilgan bo‘lakni e'tibor bilan qog‘ozga chizib, raqamlab bordim. Barcha qismlar echib bo‘lingach, o‘zim chizgan rasmlar va belgilangan raqamlar asosida qayta yig‘ishni boshladim. Nihoyat ish bitdi.

Shu payt biroz ikkilangancha jim turib qoldim. “Ishim muvaffaqiyatli chiqdimikan? Endi u qaytadan ishlarmikan?” – kabi o‘y-hayollar meni qurshab oldi. Birozdan keyin hamma shubha-gumonlarimni bir chetga surib, dvigatelni o‘t oldirdim. Uning gurillagan ovozini eshitganim hamonoq, yuragim sevinchdan to‘xtab qolayozdi...Uch kun davom etgan bu amaliyot asnosida kuniga bittadan non yedim, ishga kuch yig‘ish uchungina biroz uxladim.

Bu xabarni guruh rahbarimizga yetkazdim. U “Zo‘r-ku, unday bo‘lsa biz seni sinash uchun senga ishdan chiqqan dvigatel beramiz. Sen esa uning buzuq joyini aniqlab, tuzatib qayta ishga tushirishing kerak bo‘ladi”, dedi.

Bu galgi amaliyot o‘n kunga cho‘zildi. Ish jarayonida nuqsonli o‘rinlarni topishga muvaffaq bo‘ldim. Motorning uchta detali yemirilib ishdan chiqqan ekan. Ushbu detallarni bolg‘a va egov yordamida o‘z qo‘lim bilan yasab, joyiga o‘rnatdim. Bu lahzalar hayotimning eng baxtiyor onlari edi! Mening dvigatel bilan yonma-yon, yuzma-yuz birga bo‘lganim uni qayta ishga tushirish uchun sarflagan bor zahmat va mashaqqatlarimni unuttirdi. Unga bo‘lgan yaqinlik och va tashnaligimni esdan chiqardi. Vaholanki, o‘sha kunlari ham birgina non eb, birozgina uõlab kun kechirgandim.

Nihoyat o‘n kunlik mashaqqatli mehnatdan so‘ng hal qiluvchi imtihon onlari ham keldi. Uni yurgizish uchun qo‘limni uzatar ekanman, shu qadar tashvish va iztirobga tushdimki!.. "Ishqilib ishlarmikan? O‘zim yasagan detallar pand berib qo‘ysa-ya!?" – kabi xayollar domida qoldim. Uning ishlay boshlaganini eshitganimdagi quvonchu-baxtiyorligimni bilsangiz edi!... Men uddaladim! Muvaffaqiyat qozondim!

Keyin guruh rahbarimiz “Endi dvigatelning barcha ehtiyot qismlarini o‘zing yasab, qaytadan yig‘asan”, deya topshiriq berdi.

Topshiriqni bajarish uchun temir, mis va alyuminiy quyuvchi zavodda ishlashimga to‘g‘ri keldi. Nemis ustozlarim xohlaganiday doktorlik dissertatsiyasini tayyorlash o‘rniga, ko‘k xalat kiyib, ma'dan quyuvchi chilangarga shogird tushib ishlay boshladim. Go‘yo u katta boshiqday buyruq berar, men esa so‘zsiz itoat qilardim. Samuraylar oilasidan bo‘lishimga qaramay, hatto u ovqatlanayotganida ham xizmatini qilardim. Samuraylar oilasi Yaponiyadagi eng sharafli, nasl-nasabli oilalardan hisoblanadi. Men esa bu ishim bilan Yaponiyaga xizmat qilardim. Vatan uchun har qanday og‘ir ish yengil tuyulardi.

Mana shunday ilmiy izlanish va amaliy mashg‘ulotlar bilan sakkiz yilni o‘tkazdim. Kunduzlari o‘n-o‘n besh soatlab ishlar, kechasi esa poyloqchilikka navbatda turardim. Tuni bilan o‘zim o‘rgangan barcha sanoatga tegishli qoidalarni takrorlab chiqardim.

Yaponiya imperatori Mikado mening ishimdan xabar topib, menga o‘zining shaxsiy mulkidan besh ming ingliz tillo tangasini yubordi. Men bu pullarga dvigatel ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan barcha dastgoh va uskunalarni sotib oldim. Yaponiyaga jo‘nash oldidan pullarim tugab bo‘lgandi. Men o‘z maoshim va shu o‘tgan yillar davomida yiqqan pullarimni qo‘shib, yo‘l haqiga to‘ladim.

Nagasakiga yetib borganimizda Mikado men bilan ko‘rishmoqchi ekanini aytishdi. Men esa “Hali u bilan uchrashishga arzigulik hech ish qilganim yo‘q. Zavodni ishga tushirsamgina u bilan ko‘rishaman”, dedim. Bunga to‘qqiz yil vaqt ketdi... Betinim mehnat va mashaqqat bilan o‘tgan to‘qqiz yil...

Kunlarning birida men o‘z yordamchim bilan Yaponiyada ishlab chiqarilgan o‘nta dvigatelni saroyga olib bordim. Yaqindagina biz uchun qurib bitkazilgan zalning o‘rtasiga ularni joylashtirib, yurgizib qo‘ydik va Mikadoning kirishini kuta boshladik. U kirgach, unga ta'zim qildik. Imperator tabassum qilgancha: “To‘la-to‘kis Yaponiyada ishlangan dvigatellar ovozi! Bu – men hayotimda eshitgan eng yoqimli musiqa”, dedi.

Shunday qilib biz o‘z modelimizga ega bo‘ldik. Bu g‘arb kuch-qudratining siri edi. Biz uni Yaponiyaga ko‘chirdik. Ha-ha, Yevropaning qudratini Yaponiyaga, Yaponiyani esa g‘arbga ko‘chirdik.

Ushbu baxtli voqeadan so‘ng uyga borib o‘n soat uxladim... Bu o‘n besh yildan beri ilk bor shuncha vaqt uxlashim edi..."

Sof.uzdan olindi