«Temur tuzuklari» veb-sayt ko‘rinishida taqdim etildi.

«Temur tuzuklari» veb-sayt ko‘rinishida taqdim etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi rahbarligida Kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish hamda joriy etish Markazi — UzInfocom tashabbusi bilan sohibqiron Amir Temurning «Temur tuzuklari» asari foydalanuvchilarga veb-sayt ko‘rinishida taqdim etildi.

Eslatib o‘tish joizki, 2011 yilda Amir Temur tavalludining 675 yilligi munosabati bilan O‘zbekistonda Islom Karimov taklifiga binoan davlat rahbari va fuqarolarning huquq hamda majburiyatlari, mamlakat va armiyani boshqarish tamoyillari o‘z ifodasini topgan asar davlat rahbarining so‘zboshi ostida nashr etilgan edi.

Veb-saytni foydalanuvchilar uchun qiziqarli va qulay ishlab chiqishda yuqorida keltirilgan nashrning matni hamda Amir Temur va «Temur tuzuklari» asariga ishlangan miniatyuralar, rangli illyustratsiyalar va suratlardan foydalanilgan.

Mazkur manba orqali Amir Temur biografiyasi, uning hayotiga oid qiziqarli ma'lumotlarni o‘qish yoki yuklab olish mumkin.

«Temur tuzuklari» sahifasi O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimovning Amir Temur haqida aytgan so‘zlari  bilan boshlanadi.

«Amir Temurning davlatchilik va diplomatiya, harbiy mahorat, bunyodkorlik salohiyati, ilmu fan, san'at va me'morchilikka oid qarashlari, hayotning ma'no-mazmuni, insonni ulug‘laydigan ezgu ishlar haqida bildirgan fikrlari, dinu diyonat va adolatni joyiga qo‘yish, saltanat ishlarini kengash va tadbir asosida amalga oshirish, har bir masalada uzoqni ko‘zlab, el manfaatini o‘ylab ish tutish bilan bog‘liq ibratli fazilatlarini alohida ta'kidlash o‘rinlidir. Aynan mana shunday masalalar Sohibqiron tafakkurining mahsuli bo‘lgan «Temur tuzuklari» asarida har tomonlama aniq, ishonarli va ta'sirchan tarzda yoritilgan», — deydi Islom Karimov  Amir Temur «Temur tuzuklari» asari haqida.

Shuningdek, veb-saytda «Temur tuzuklari» asari haqidagi qimmatli maqola va qiziqarli ma'lumotlariga keng o‘rin berilgan. Ahamiyatlisi, ma'lumotlar foydalanuvchilar uchun qulay, zamonaviy shakllarda taqdim etilishiga alohida e'tibor qaratilgan. Mazkur veb-sayt «Temur tuzuklari», «Solnoma», «Ehtirom», «Qiziqarli ma'lumotlar» bo‘limlari hamda «Fotogalereya» va «Mundarija»ga ega.

Manba: Xabardor.uz