NIMA UCHUN “IKKICHI”LAR KELAJAKDA A`LOCHILARDAN KO`RA OMADLIROQ BO`LADI?

NIMA UCHUN “IKKICHI”LAR KELAJAKDA A`LOCHILARDAN KO`RA OMADLIROQ BO`LADI?

Britaniyalik jurnalist Djon Xaltivanger maktabda qo`yiladigan baho bolaning intelektual qobiliyati ko`rsatkichini belgilamasligi haqidagi shov-shuvli maqolani e`lon qildi. Unda yozilishicha, ikki bahoga o`qigan o`quvchilar a`lochilardan ko`ra, hayotda ko`proq muvaffaqiyatlarga erishar ekan. “Adme.ru” nashri muallifning fikri bilan sizni tanishtirishga qaror qildi

Tajribadan ma`lum bo`ldiki, a`lo bahoga to`la attestat baxtli kelajakni ta`minlamas ekan. Har doim ham ikki bahoga o`qigan o`quvchi ishsiz, pulsiz qolmas ekan. Boy va omadli insonlar orasida maktabda yomon baholarga o`qiganlar anchagina tashkil etadi. Ularning muvaffaqiyatiga butun dunyo tan bergan.

Masalan, Stiv Jobs, Mark Sukerberg, Bill Geyts biror kollejni tamomlamagan. Samoga ilk sun`iy yo`ldoshni uchirgan Sergey Korolyov ham maktabda uchga o`qigan. Vladimir Mayakovskiy ham yomon o`qiganidan “Anna Karenina” asarini oxirigacha o`qimagan. Iosif Brodskiyning maktabda yomon o`qigani adabiyotdan Nobel mukofotini olishiga xalaqit qilmagan. 

Aql — mavhum tushuncha bo`lgani bois, bilim olishda erishilgan muvaffaqiyat bilan unga ob`ektiv baho berib bo`lmaydi. Maktab har doim ham bolaning mustaqil hayotga qadam qo`yishi uchun muhim omillardan biri bo`lib xizmat qilavermaydi. Bitiruvchining maktabdan tashqarida erishgan muvaffaqiyati orqaligina buni aniqlash mumkin.

Muvaffaqiyatga erishish uchun bolada qiziqish, qat`iyat, sabr-toqat, eng asosiysi muvaffaqiyatsizlikning qadrini anglash tuyg`ulari bo`lishi lozim. Shuning uchun maktabda hech kim nazar-pisand qilmagan ikkichilar dunyoni boshqarishadi. Ular yoshligidan omadsizlikka uchrab o`rganganlaridan u bilan kurashish yo`llarini boshqalardan ko`ra yaxshiroq bilishadi. Aynan “ketmoni uchgan” tadbirkorlarda ham shu xususiyat mavjud bo`ladi. Ular tavakkal qilishdan, qonun-qoidalariga bo`ysunmaslikdan qo`rqmay, biror o`ziga xos yangilik yaratishga harakat qilishadi.

Yomon bahoga o`qiganlar orasida o`z fikriga ega, ijodiy shaxslar ko`plab uchraydi. Psixologlarning ta`kidlashicha, bunday bolalarga hamma uchun birdek qo`llanadigan maktab tartib-qoidalari yoqmaydi. Maktabda o`qituvchilar bolaga o`z fikrini singdirishga urinishadi, ularning o`z nuqtai-nazarlari, fikrlari bo`lishiga kam e`tibor berishadi. O`qituvchining fikrini o`ziga singdirgan bola boshqacha bo`lishi haqida o`ylab ham ko`rmaydi. Ikkichi bolalar esa o`qituvchiga quloq solsa-da, o`z fikridan qaytmaydi, natijada g`alaba qozonishadi.

Bu degani har doim ham maktabda yomon baholarga o`qish muvaffaqiyat kaliti bo`lib xizmat qiladi, degani emas. Kundalikdagi “besh” baholar ham kelajakda hamma ishlar a`lo bo`lishidan darak bermaydi. Baholar qog`ozdagi raqamlar, xolos. Bolaning kelajagini maktabdagi baholar emas, xulq-atvor, tajriba va aloqalar belgilaydi.

Agar maktab va oliy ta`lim muassasassini ko`ngildagidek bitira olmagan bo`lsangiz, bundan xafa bo`lmang. Hayot turli parvoz va qulashlardan iboratdir. Maktabda foydali bilimlarga ega bo`lgan bo`lsak, haqiqiy, hayotiy bilimga maktabni tark etganimizdan keyin erishamiz.

Hech qachon bilim olishdan to`xtamang, hech qachon omadsizliklarga taslim bo`lmang, asosiysi bilim olish jarayonidan lazzatlanishni unutmang.

Manba: Darakchi