O‘zbekistonda stipendiyalar miqdori qancha?

O‘zbekistonda stipendiyalar miqdori qancha?

Kuni kecha “Prezident va boshqa nomli davlat stipendiyalarini olish tartibi qanday?” nomli maqola chop etgan edim. Ushbu maqola e'lon qilingach, ko‘pchilik talabalar Prezident yoki boshqa nomli davlat stipendiyalarining miqdori qanchaligi haqida savol berishadi. Shu sababli, bugungi maqola orqali oliy ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarning stipendiyalari miqdori haqida ma'lumot bermoqchiman.

Eng avvalo Prezident hamda nomli davlat stipendiyalaridan boshlaymiz. Ma'lumot o‘rnida aytishim mumkinki, O‘zbekistonda 5 ta nomli davlat stipendiyalari mavjud. Ularni olish tartibi bilan quyidagi manzildan tanishishingiz mumkin.

Mazkur stipendiyalar miqdori odatiy stipendiyalardan bir muncha balandroq bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyasi

829.480 so'm

Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Ulug‘bek va Imom Al-Buxoriy nomidagi Davlat stipendiyalari

574.948 so'm

Endi barchaga beriladigan stipendiyalar miqdoriga kelsak. Sizga ma'lumki, talabalar oladigan stipendiyalar miqdori ularning o‘zlashtirishiga bog‘liq. Talabalar orasida “beshlik”, “to‘rtlik” va “uchlik” nomi bilan ataluvchi bunday farqlanish, har semestr yakunidan keyin, fanlardan olingan baholarga qarab tayinlanadi. Demak, xulosa qilish mumkinki, yilda 2 marta talabalarga stipendiyalar miqdori tayinlanadi va keyingi semestr yakunigacha shu miqdorda to‘lanadi.

Bakalavr hamda magistratura bosqichining 1-kurs talabalari uchun 1-semestr davomida bir xil “uchlik” stipendiya (0,5 koeffitsyent) beriladi.

Shu o‘rinda ta'kidlamoqchi edimki, ko‘pchilikda stipendiya tayinlashga asos bo‘ladigan o‘zlashtirish ko‘rsatkichini hisoblash borasida 2 xil tushuncha mavjud. Ba'zilar talabaning semestr davomida fanlardan olgan ballari umumiy yig‘indisining o‘rtachasi chiqarilib, shunga yarasha stipendiya tayinlanishi kerak deb o‘ylashadi. Aslida bu xato fikr. Yaqingacha ba'zi OTMlarda ham xuddi shunday hisoblanib, stipendiyalar tayinlanar edi. Ya'ni aytalik talaba bir fandan 88 ball (5 baho) oladi, boshqasidan 76 ball (4 baho), yana biridan 62 ball (3 baho). Mazkur ballarning o‘rtachasi 75 ball, ya'ni “to‘rtlik” stipendiya chiqadi. Bunday hisoblash amaldagi tartib-qoidaga zid.

2004 yil 10 mart kuni tasdiqlangan yo‘riqnomaga binoan, stipendiya darajasi fanlardan olingan ballar miqdoriga bog‘liq emas. Agar oddiy tilda tushuntiradigan bo‘lsak, hamma fandan “5” baho olsa (86-100 ball) – “beshlik” stipendiya, hamma fandan “4” (71-85 ball) va “5” baholar olsa – “to‘rtlik” stipendiya, agarda bironta fandan “3” baho olsa (55-70 ball) – “uchlik” stipendiya tayinlanadi.

Reyting nazorati natijalari bo‘yicha stipendiyalar miqdori

86-100%

439.372 so'm

71-85%

329.529 so'm

55-70%

219.686 so'm

Yuqoridagi summalar stipendiyalarning poydevor miqdorlari hisoblanadi.

Stipendiyalar miqdorini tayinlashda yana bir ko‘pchilik bilmaydigan jihati bor. 

Gap shundaki, ba'zi toifadagi talabalar uchun qo‘shimcha imtiyozlar mavjud hamda ularning stipendiyalariga qo‘shimcha haq qo‘shib beriladi. Quyida shunday imtiyozga ega talabalar ro‘yxatini keltiraman:

Yetim bolalar hisobidan bo‘lgan va ota-ona qarovisiz qolgantalabalarning stipendiyalari miqdori​

86-100%

476.817 so'm

71-85%

357.613 so'm

55-70%

238.409 so'm

 

Yetim bolalar hisobidan bo‘lgan va ota-ona qarovisiz qolgan, davlat ta'minotida turgan talabalarning stipendiyalari miqdori​

86-100%

419.265 so'm

71-85%

314.449 so'm

55-70%

209.633 so'm

 

Harbiy xizmatchilar hisobidan bo‘lgan, baynalmilal burchini bajarishda yaralanish oqibatida nogiron, kontuziya, kasal bo‘lgan talabalarning stipendiyalari miqdori​

86-100%

498.012 so'm

71-85%

373.509 so'm

55-70%

249.006 so'm

 

Harbiy-baynalmilal hisobidan bo‘lgan talabalarning stipendiyalari miqdori​

86-100%

476.817 so'm

71-85%

357.613 so'm

55-70%

238.409 so'm

 

Eshitish, gapirish qobiliyatidan mahrum va ko‘zi ojiz talabalar stipendiyalari miqdori (50% ko‘proq bo‘ladi)​

86-100%

659.058 so'm

71-85%

494.293 so'm

55-70%

329.529 so'm

Va oxirgisi. Qarangki, ayrim ta'lim yo‘nalishlarining talabalari boshqalaga qaraganda 8,8% ko‘proq stipendiya olishadi. Bular quyidagi yo‘nalishlardir:

1) matematika;

2) amaliy matematika va informatika;

) axborot texnologiyalari va axborot xavfsizligi.

Oliy ta'lim muassasalarida matematika, amaliy matematika va informatika, axborot texnologiyalari va axborot xavfsizligi mutaxassisliklari bo‘yicha ta'lim olayotgan talabalarning stipendiyalari miqdori

86-100%

478.179 so'm

71-85%

358.634 so'm

55-70%

239.090 so'm