Talabalar o‘qishini ko‘chirish (perevod) va qayta tiklash (vosstanovleniye) tartibi haqida

Talabalar o‘qishini ko‘chirish (perevod) va qayta tiklash (vosstanovleniye) tartibi haqida

Yoz oylari abituriyentlar uchun naqadar qizg‘in bo‘lsa, ba'zi talabalar uchun ham muhim vaqt hisoblanadi. Sababi iyul-avgust oylarida OTM qabul komissiyalari nafaqat yangi talabalarni o‘qishga qabul qilish bilan, balki talabalar o‘qishini ko‘chirish (perevod) hamda talabalar safidan chetlatilgan talabalarni qayta tiklash (vosstanovlenie) jarayonlari bilan ham mashg‘ul bo‘lishadi. Bugungi kunda mazkur mavzuga aloqador ko‘plab savollar yuzaga kelayotganligi sababli ushbu masalaga imkon qadar oydinlik kiritishga yordam beradigan maqolani e'tiboringizga havola qilishni lozim deb topdim.

HUQUQIY ASOS

Oliy ta'lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 18 iyundagi 118-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta'lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga asosan belgilanadi.

QACHON?

Talabalar o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklash, odatda, yozgi ta'til davrida, tegishli kurs (semestr)da o‘quv mashg‘ulotlari boshlanishiga qadar amalga oshiriladi.

KIM TOMONIDAN?

Talabalar o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklash agarda bir oliy ta'lim muassasasi doirasida oliy ta'limning mos va turdosh yo‘nalishlari (mutaxassisliklari) bo‘yicha bo‘lsa, unda OTM rektori tomonidan amalga oshiriladi.

Quyidagi hollarda talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash talabani qabul qilayotgan oliy ta'lim muassasasi bo‘ysunadigan vazirlik (idora) qarori asosida amalga oshiriladi:

1) oliy ta'limning mos va turdosh yo‘nalishlari (mutaxassisliklari) bo‘yicha bir vazirlik (idora) doirasida boshqa oliy ta'lim muassasasiga;

2) oliy ta'limning mos va turdosh yo‘nalishlari (mutaõassisliklari) bo‘yicha turli vazirlik (idora) doirasida bir oliy ta'lim muassasasidan boshqa oliy ta'lim muassasasiga ko‘chirish va qayta tiklash.

Quyidagi hollarda talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash Idoralararo komissiya qarori bilan amalga oshiriladi:

1) xorijiy davlatlarning akkreditatsiyaga ega bo‘lgan oliy ta'lim muassasalaridan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalariga;

2) bir oliy ta'lim muassasasi doirasida yoki bir vazirlik (idora) va turli vazirliklar (idoralar) tasarrufidagi oliy ta'lim muassasalariga oliy ta'limning turdosh bo‘lmagan yo‘nalishlari (mutaxassisliklari)ga.

 ARIZA KIMGA TOPSHIRILADI?

 Talabalarning o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklash haqidagi arizalari mos ravishda quyidagilarga topshiriladi:

Oliy ta'lim muassasasining qabul komissiyasiga:

1) o‘sha OTM doirasida oliy ta'limning mos va turdosh yo‘nalishlari (mutaxassisliklari) bo‘yicha ko‘chirish va tiklash yuzasidan;

Oliy va o‘rta maõsus ta'lim vazirligi tomonidan tashkil etiladigan hududiy ishchi guruhlarga:​​

1) bir OTMdan boshqa OTMga;

2) xorijiy davlatlarning OTMlaridan (yurtimizdagi filiallaridan ham) O‘zbekiston Respublikasi OTMlariga;

3) o‘sha OTMning turdosh bo‘lmagan boshqa yo‘nalishlari (mutaõassisliklari)ga.

 QANCHA?

 Davlat oliy ta'lim muassasalarida o‘qishni ko‘chirish yoki qayta tiklash jarayoni bepul amalga oshiriladi.

 QAYSI KURSDA?

 Talabalarning o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklash birinchi kursdan boshqa barcha kurs talabalariga nisbatan qo‘llanilishi mumkin. Birinchi kursga o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash man etiladi (istisno tariqasida, talabaga kasallik tufayli akademik ta'til berilishi mumkin).

 O‘QISHNI QAYTA TIKLASH HAQIDA

 Quyidagi hollarda talabalikka qayta tiklashni so‘rab murojaat qilgan shaxsga rad javobi berilishi mumkin:

1) oliy ta'lim muassasasida ta'lim oluvchilar soni doirasida bo‘sh o‘rinlar mavjud bo‘lmaganligi;

2) shaxsning akademik qarzdorligi hamda tegishli mutaxassislik bo‘yicha zarur bilimlarni o‘zlashtirishiga to‘sqinlik qilish darajasidagi o‘quv rejalari va dasturlarida farq mavjud bo‘lganligi.

Barcha o‘quv shakllari bo‘yicha talabalar safiga qayta tiklash to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Davlat grantlari bo‘yicha ta'lim olgan yetimlar, I va II guruh nogironlar, shuningdek muddatli harbiy xizmatni o‘tagan (zaxiraga bo‘shagan kunlaridan boshlab uch yil mobaynida), akademik ta'tildan qaytgan shaxslar istisno tariqasida, o‘qishga davlat grantlari o‘rinlariga qayta tiklanishi mumkin.

O‘qishdan chetlashtirilgan o‘quv yilida talabani o‘qishga qayta tiklashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Talabani boshqa oliy ta'lim muassasasiga o‘qishga qayta tiklashda uning ilgari ta'lim olgan oliy ta'lim muassasasi roziligi talab etilmaydi.

 TALABALAR O‘QISHINI KO‘CHIRISH

 O‘qishning barcha shakllari bo‘yicha oliy ta'limning mos va turdosh yo‘nalishlari (mutaxassisligi) bo‘yicha davlat grantlari o‘rinlariga ko‘chirishga faqat davlat grantlari asosida tahsil olayotgan talabalar arizasiga ko‘ra muayyan ta'lim yo‘nalishi (mutaxassislik)da oliy ta'lim muassasalariga tegishli o‘quv yilidagi qabul qilish kvotalarida belgilangan davlat grantlarining soni doirasida ruxsat etiladi.

Davlat grantlari asosida tahsil olayotgan talabalar o‘qishini o‘z ta'lim yo‘nalishidan boshqa turdosh bo‘lmagan ta'lim yo‘nalishiga ko‘chirish to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Oliy ta'lim muassasasida yuridik shaxs bilan tuzilgan to‘lov-kontrakt asosida ta'lim olayotgan talabalar o‘qishini ko‘chirish ushbu yuridik shaxsning roziligi bilan amalga oshiriladi.

Talabalarning o‘qishini shartli ravishda ko‘chirish taqiqlanadi.