“Qizil diplom” qaysi talabalarga beriladi?

“Qizil diplom” qaysi talabalarga beriladi?

 

Xalq orasida “qizil diplom” atamasi bilan nomlanadigan diplomlarning rasmiy nomi aslida “imtiyozli” diplomdir. Oliy ta'lim muassasalarida “imtiyozli” diplomlar bakalavriatura bosqichida o‘quv dasturlarini o‘zlashtirishda katta yutuqlarga erishgan talabalarga berilishidan xabaringiz bor. Ammo hamma ham “imtiyozli” diplomni olishning aniq qonun-qoidasidan xabardor bo‘lmasa kerak. “Imtiyozli” diplom berilishi haqida ko‘pchilikda turli fikrlar mavjud. Kimdir barcha baholar “5” (a'lo) bo‘lishi kerak deb ta'kidlasa, kimdir talabaning umumiy o‘rtacha o‘zlashtirishi 86%dan yuqori bo‘lishi kerak deb o‘ylaydi. Aslida ham shunaqami? Keling, yuqoridagi masala bo‘yicha ta'lim tizimiga oid normativ-huquqiy hujjatlarga murojaat qilsak.
“Imtiyozli” diplom berish tartibi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining 2009 yil 22 maydagi 160-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi to‘g‘risida”gi nizomda ko‘rsatib o‘tilgan. Mazkur nizomning 22-bandida quyidagicha tartib-qoida belgilangan:
“22. O‘quv dasturlarini o‘zlashtirishda katta yutuqlarga erishgan va o‘quv rejasidagi barcha fanlarning kamida 3/4 qismi bo‘yicha 86 ball va undan yuqori o‘zlashtirish ko‘rsatkichlariga erishgan, (boshqa fanlar bo‘yicha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 71 balldan kam bo‘lmagan), shuningdek, yakuniy davlat attestatsiyasi sinovlarining har biri bo‘yicha kamida 86 ball o‘zlashtirish ko‘rsatkichlariga ega bo‘lgan bakalavriat bitiruvchisiga «imtiyozli» diplom beriladi”.
 
Yuqoridagi banddan xulosa qilgan holda shuni aytishimiz mumkinki, “imtiyozli” diplom tahsil olish davomida o‘tilgan barcha fanlarning kamida 3/4 qismidan “5” (a'lo) baho olgan, shuningdek, boshqa fanlarning birontasidan “3” (qoniqarli) baho olmagan va nihoyat yakuniy davlat attestatsiya sinovlarining barchasidan “5” (a'lo) baho olgan talabaga “imtiyozli” diplom beriladi. Ko‘rib turganingizdek, “imtiyozli” diplom olishda talabaning barcha semestrlar bo‘yicha chiqariladigan umumiy o‘rtacha o‘zlashtirishi hech qanday ahamiyatga ega emas. Ya'ni o‘rtacha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 83-84%ni tashkil qilgan talaba ham “imtiyozli” diplom olishi mumkin. Bundan tashqari, bironta “4” (yaxshi) baho olmalik kerak degan tushuncha ham noto‘g‘ri. Nizomdan kelib chiqadigan bo‘lsak, barcha fanlarning 1/4 qismi bo‘yicha “4” (yaxshi) baho olgan talabaga ham “imtiyozli” diplom berilishi mumkin. Masalan, talaba tahsil olish davomida o‘quv dasturi bo‘yicha jami 60ta fan o‘qigan bo‘lsa, shundan 45ta fandan “5” (a'lo), 15ta fandan “4” (yaõshi) baho olgan bo‘lsa, unga “imtiyozli” diplom berishi mumkin, basharti u yakuniy davlat attestatsiyasidagi barcha fanlardan kamida 86 ball to‘plagan bo‘lsa.
Eslatma: Mazkur maqolada men shartli ravishda “5”, “4”, “3” baholar atamasini ishlatdim. Aslida hozirda amalda bo‘lgan “Oliy ta'lim muassasalarida talabalar bilimini nazorat qilish va baholashning reyting tizimi to‘g‘risida”gi nizomga ko‘ra, yurtimizdagi barcha oliy ta'lim muassasalarida baholashning reyting tizimiga o‘tilgan va baho tizimidan voz kechilgan. Nizom bo‘yicha reyting ballari mos ravishda quyidagi baholarga tenglashtirilgan:
86-100 ball – 5;
71-85 ball – 4;
55-70 ball – 3.
 
Manba: Xushnudbek.uz