Davlat granti asosida tahsil olgan talabalar 3 yil ishlab berishi majburiymi?

Davlat granti asosida tahsil olgan talabalar 3 yil ishlab berishi majburiymi?

Oliy ta'lim muassasalarida davlat granti asosida tahsil olgan talabalarni doim qiziqtirib kelgan bir savol mavjud. Bu ta'limdan keyin 3 yil davomida majburiy ishlab berish haqidagi savoldir. Ushbu qoida qayerda belgilab berilgan va 3 yil davomida majburiy ishlab berish qanday amalga oshiriladi va shu kabilar haqida batafsil to‘xtalib o‘tamiz.

Davlat granti asosida tahsil olgan bakalavriatura va magistratura talabalarining 3 yil davomida ishlab berish majburiyati 2005/2006 o‘quv yilidan boshlab amaliyotga tadbiq etilgan. Mazkur amaliyot O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 2 iyundagi PQ-92-son «2005/2006 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalariga qabul to‘g‘risida»gi qarorining 6-bandiga asosan joriy etilgan.

Prezident qaroriga asosan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Oliy va o‘rta maõsus ta'lim vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining 2005 yil 7 iyuldagi 58, 154-1, 19 va 02/2658-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Kadrlarni davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlash tartibi to‘g‘risida” nizom ishlab chiqilgan.

Mazkur Nizom oliy ta'lim muassasalarida davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlangan kadrlarni kamida uch yil ishlab berish sharti bilan, ta'lim muassasalari, korxona va tashkilotlarga ishga taqsimlash qoidalari va tartibini belgilaydi.

Nizom bo‘yicha ko‘p uchraydigan quyidagi savollarga javob beraman:

1. Agar davlat granti asosida o‘qigan talaba bakalavr bosqichini yakunlagach magistraturaga o‘qishga qabul qilinsa, unda qachondan majburiy ishlab berish boshlanadi? Magistraturada o‘qish davomida ishlagan bo‘lsa, hisobga o‘tadimi?

Oliy ta'lim muassasalarini davlat grantlari asosida bakalavriatni tamomlagan bitiruvchilar magistraturaga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan taqdirda, kamida uch yil ishlab berish majburiyati magistraturani yakunlagandan so‘ng amalga oshiriladi.

2. Agar davlat granti asosida o‘qigan talaba bakalavr bosqichini yakunlagach magistraturaga ham davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinsa, unda majburiy ishlab berish muddati 6 yil bo‘ladimi?

Yo‘q, agar bitiruvchi oliy ta'lim muassasalarining bakalavriati va magistraturasida davlat grantlari asosida o‘qigan taqdirda, uning ishlab berish majburiyati kamida uch yil deb hisoblanadi.

3. Agar to‘lov-kontrakt asosida bakalavriatni tamomlagan talaba magistraturaga davlat granti asosida qabul qilinsa, unda qachondan majburiy ishlab berish boshlanadi?

Oliy ta'lim muassasalarini to‘lov-kontrakt asosida bakalavriatni tamomlagan bitiruvchilar magistraturaga davlat grantlari asosida o‘qishga qabul qilingan taqdirda kamida uch yil ishlab berish majburiyati magistraturani yakunlagandan so‘ng amalga oshiriladi.

4. Agar bitiruvchi talaba o‘qishdan so‘ng majburiy ishlab berish vaqtida harbiy xizmatga ketgan bo‘lsa, unda harbiy xizmat vaqti majburiy ishlab berish vaqtiga kiradimi?

Ha, muddatli harbiy xizmat yoki safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmat o‘talgan muddat bitiruvchi tomonidan majburiy ishlab berilishi lozim bo‘lgan uch yillik muddatga ham kiradi.

5. Agar bitiruvchi talaba 3 yil davomida boshqa lavozimga yoki boshqa tashkilotga ishga o‘tsa, unda muddat yangidan boshlanadimi?

Yo‘q, ta'lim muassasasi, korxona yoki tashkilotda turli lavozimlarda ishlagan muddathamda ta'lim muassasasi, korxonasi yoki tashkilot mansub bo‘lgan tizimdagi (vazirlik, idora yoki boshqa xo‘jalik boshqaruvi organi) boshqa ta'lim muassasalarida, korxona va tashkilotlarda ish beruvchining roziligiga ko‘ra ishlagan muddat bitiruvchi tomonidan majburiy ishlab berilishi lozim bo‘lgan uch yillik muddatga ham kiradi.

6. Bakalavr yoki magistratura bosqichida davlat granti asosida ta'lim olgan qizlar, turmush qurib farznadli bo‘lgandan keyingi bola parvarishi davridagi muddat majburiy ishlab berish davriga qo‘shiladimi yoki yo‘qmi?

Nizomning 22-bandiga ko‘ra, mehnat ta'tilida, shu jumladan ijtimoiy ta'tillarda bo‘lgan muddatlar ham bitiruvchi tomonidan majburiy ishlab berilishi lozim bo‘lgan uch yillik muddatga kiradi. Mehnat kodeksi 149-moddasiga binoan, bolalarni parvarishlash ta'tili ham ijtimoiy ta'til hisoblanadi. Demak, onalarning bola parvarishidagi muddati ham majburiy ishlab berish muddatiga kiradi.

7. Albatta davlat tashkilotida majburiy ishlab berishi shartmi?

Nizomning bironta bandida majburiy ishlab berish aynan davlat tashkilotida amalga oshirilishi kerak degan qoida mavjud emas. Masalan, Nizomning kirishi qismida quyidagicha qoida belgilangan:

Mazkur Nizom oliy ta'lim muassasalarida davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlangan kadrlarni kamida uch yil ishlab berish sharti bilan,ta'lim muassasalari, korxona va tashkilotlarga ishga taqsimlash qoidalari va tartibini belgilaydi”.

Nizomning 1-bandida esa quyidagicha qoida belgilangan:

“Barcha ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha davlat grantlari asosida tahsil olgan oliy ta'lim muassasalari bakalavr va magistrlari 2005/2006 o‘quv yilidan boshlab majburiy tartibda kamida uch yil ishlab berish sharti bilan ta'lim muassasalariga, korxona va tashkilotlarga (keyingi o‘rinlarda matnda ish beruvchi deb yuritiladi) ishga taqsimlanadi”.

Ko‘rib turganingizdek, ikkala bandda ham ta'lim muassasalari, korxona va tashkilotlarga ishga taqsimlash jumlasi ishlatilgan. “Davlat” so‘zi mavjud emas. Korxonalar xususiy ham bo‘lishi mumkin. Tashkilotlar nodavlat va notijorat ham bo‘lishi mumkin. Bundan kelib chiqadiki, 3 yil majburiy ishlab berish davlat tashkilotlarida bo‘lishi shart emas.

Manba: Xushnudbek.uz