Men – hech kim

Men – hech kim

Bilasizmi, dunyoda har kim kimdir bo’lishga harakat qilib yashaydi: ota-ona, opa-singil, og’a-ini, o’g’il-qiz, do’st-birodar, tanish-bilish, qonqarindosh, quda-anda, mahbub, erkatoy, yetakchi, ergashuvchi – qo’yingki, kimdir. Har birimiz hayot degan spektaklda qandaydir rolga ega bo’lishga intilamiz. To’g’ri-da – hayotda hech kim bo’lishdan yomon narsa yo’q. Barchamiz bu dunyoga kelishimiz bilan hayot bizga qandaydir rol beradi. Tug’ilgandan keyingina biz kimdir bo’lamiz. Xo’sh, tug’ilishdan avval kim edik? O’limimizdan keyin kim bo’lamiz? Savol qiyinmi? Bema’nimi? Ixlossizmi? Ammo uning javobi juda oddiy – hech kim. Odamzod xuddi sahnaga chiqqan aktyordek bu hayotga keladida, rol o’ynay boshlaydi. Ammo u bu rolga borlig’i bilan berilib, uni haqiqat deb qabul qilib o’ynaydi. U o’z roliga shu qadar berilib ketadiki, har doim shu rol uniki bo’lgandek his qiladi o’zini. U hozir Afandimi, tug’ulishdan oldin ham Afandi edi, o’limidan keyin ham Afandi bo’lib qoladi go’yo. Boshqacha qilib aytganda, u shunchaki bir aktyor ekanligini, bu hayotdagi rol unga vaqtincha berilganini, muddati yetganda u shu rolini topshirib, sahna ortiga qaytishi kerakligini unutib qo’yadi. Endi ta’kidimni qaytaraman – men hech kim emasman. Siz, balki, kimdirsiz – sizga berilgan rol sizda abadiy qolishiga ishonarsiz. Ammo mening bunga haddim sig’maydi – men “hech kim” degan aktyorman, faqat hozircha rol o’ynayapman, xolos. Agar shu rolim ssenariysiga atrofimdagilarga yordam berish ham kiritilgan bo’lsa – men shuni qilaman. Har kim tanlash erkinligiga ega. Agar sizga men aytayotgan narsalar ma’qul kelmasa, siz bunga mutlaqo e’tibor bermasligingiz mumkin. Men aytayotgan narsalarim haqiqat deb da’vo qilmayman – ularni asoslab berish, isbotlash yoki o’z fikrlarimni sizning tanqidingizdan himoya qilish niyatim yo’q. Bu bilan hech narsa o’zgarmaydi. Ha, yana bir gap – huquq borasida. Sizga bir sirni ochay – buni safsata deb qabul qilasizmi yoki jiddiy o’ylab ko’rasizmi – o’zingizga havola. Dunyoda hech kim ekaningizni esda tutib tursangiz, siz har kim bo’lishingiz mumkin. Bu dunyoning mehmoni ekaningizni unutmaganingiz uchun mukofot tarzida sizga shunday erkinlik beriladi. Menga odamlarga bilgan narsalarini aytib, ular bilan hayot go’zalligidan bahramandlik hissini baham ko’ruvchi darvesh bo’lish huquqini hech kimligim bergan. Siz kutgan yoki sizni qanoatlantiradigan javobni bermagan bo’lsam, nailoj – bundan ortig’iga qodir emasman. Axir, men hech kimman . . .
Bizga berilayotgan bilim kimdan, qayerdan yoki qanday qilib kelayotganiga qiziqish – shaxsiy muhimlik tuyg’usiga asoslangan. Qay birimiz, aytaylik, yosh bolaning gaplarini jiddiy qabul qilamiz? Hatto uning gaplari to’g’ri ekanini tasdiqlovchi vaziyatlarga duch kelsak ham – biz “mushtdek bola” hayotni bizdan ko’ra to’g’riroq baholay olganini tan olishimiz qiyin. Bu holat ota-ona va farzandlar o’rtasida turli ziddiyatlar kelib chiqishiga sabab bo’ladi. Ota-ona o’z hayotiy tajribasi va hayotga moslashib ulgurgan tushunchalariga asoslanib farzandiga yo’l-yo’riq ko’rsatadi. Farzand esa shakllanib borayotgan shaxsiyati qarorlariga o’zgalar xohishi aralashishiga qarshilik qilishga moyil. O’smirlik davri odamdagi shaxsiy muhimlik tuyg’usi eng gullab-yashnagan muddat. Ko’p ustozlar aytganidek, bu yoshda bolaga bitta gap kam – ikkitasi ortiqcha bo’ladi. Bu yoshda odam uni o’rab turgan dunyoda uning qanday bo’lmasin o’rni bor ekanini bilish ehtiyoji bilan yashaydi. O’smirda kattalar hayotiga kirib borish, u yerda o’zgalardan kam bo’lmaslikka harakati kuchayadi. Ammo ba’zida ulg’ayib ulgurgan odamlarda ham shaxsiy muhimlik tuyg’usi kuchli bo’lishi mumkin. Bunga, odatda, quyidagidek holatlar sabab bo’ladi. Birinchisi – odam hayotida erishgan yutuqlar. Agar kimdir shu paytgacha ko’plab cho’qqilarni zabt etgan bo’lsa, u o’zini muhim shaxs deb hisoblashi mumkin. Unda erishgan yutuqlari uning bekam shaxsiyati mevasi ekani haqida asossiz ishonch hosil bo’ladi. Eng kulgili holat – kishi o’zi amalga oshirgan ishlarni yutuq deb xato hisoblashidir. Bunda kishi o’zi va atrofdagilarga kam foyda keltirgan ishlarni yutuq sanab, ularga (va natijada, ularning bajaruvchisi – o’ziga) ortiqcha baho berib yuboradi. Biz erishgan har qanday yutuq borki – unda o’zgalarning ham hissasi borligini unutmaslik zarur. Kamida, sizni o’z maqsadlari yo’lida tirishqoq va topqir qilib tarbiyalab qo’ygan ota-onangiz mehnatlarini eslang. Shunda shaxsiy muhimlik tuyg’uyingiz biroz bosiladi. Ikkinchi sabab – ortiqcha mas’uliyat. Agar atrofdagilar sizga ko’plab mas’uliyatlar yuklasa – siz o’zingizni juda kerakli odam deb o’ylab qolishingiz mumkin. Ikki turmush o’rtoqdan ayol oiladagi hamma qarorlarni qabul qilishni to’lig’icha eriga topshirsa, bundan erkak o’zini o’ta muhim hisoblab yuborishi mumkin. U aralashmasa, hech bir ish bitmaydigan, u aytmasa – hech kim hech narsa qilmaydigandek tuyulaveradi. Ko’p narsa va ko’pchilik uchun javobgarlik hissi o’ta kuchli rivojlangan odam – haqiqiy g’alvaning uyasi. U ko’pchilik nomidan qaror qabul qilishni va bu qarorini hammaga majburan o’tkazishni o’ziga odat qilib oladi. Siz – o’z xatti-harakatlaringiz va o’y-fikrlaringizdan boshqa hech narsaga javobgar emassiz. Agar o’zingizni kimnidir baxtli qilishga javobgar deb bilsangiz – buni unuting. Tangri bir bandasi baxtini boshqasining qo’liga berib qo’ymaydi. 
Siz farzandlaringiz tarbiyasi uchun mas’ulsiz – ammo siz ularning o’rniga qaror qabul qilishga mas’ul emassiz. Shaxsiy muhimlik tuyg’usi siz va yaqinlaringiz hayotini zaharlashiga yo’l qo’ymang. Shaxsiy muhimlik tuyg’usini tarbiyalab beruvchi yana bir omil – ortiqcha e’tibor. Bu odatdagi erkatoy bola hikoyasi. Agar odam atrofdagilardan juda ko’p e’tibor, maqtov, tasdiq olsa – u o’zini “yakka-yu yagona” hisoblab qolishi tayin. Bu holat juda xavfli, chunki u inson hayotini qiyinlashtiradi. Misol uchun, bir qizni yoshligidan hamma yigitlar tengsiz e’tibor va mehr bilan siylab kelishgan. “Malika” e’tiboridan qolishdan qo’rqib, uning oshiqlaridan hech kim qizning kamchiliklari haqida gapirmaydi. Natijada, qiz ongida u kamchiliklardan holi shaxs ekani haqida fikr mahkam o’rnashib qoladi. Bu holat qizning umr yo’ldosh tanlashini o’ta qiyinlashtirib beradi – axir, u endi o’ziga o’xshash “bekam” shaxsiyatni axtaraveradi. U uchratgan yigitlar esa uning “daraja”siga mos kelmaydi. Agar siz shunday holatga tushib qolgan bo’lsangiz – darhol o’zingizga chin do’st toping. Bunday do’stni, imkoni bo’lsa, sizni tanimaganlar orasidan axtaring. U haqiqiy do’st kabi achitib gapiradigan, sizning e’tiboringiz va mehringizdan umidvor bo’lmagan odam bo’lsin. Siz ham avvalgi ergashuvchilaringizdan kutgan maqtov va ta’riflarni undan kutmang. U sizni boringizcha ta’riflaydigan odam ekanini tan oling va keskin tanqidlarga tayyor turing. Ana shunday do’st topa bilsangiz va u bilan chin yurakdan do’stlasha olsangiz – shaxsiy muhimlik tuyg’usi ortiq baxtingizga xavf solmaydi. Barcha falsafa va din yo’nalishlari odamni shaxsiy muhimlik tuyg’usidan xalos bo’lishga undaydi. Har bir din buyuk Yaratuvchi oldida inson juda ojiz mavjudot ekanini ta’kidlaydi. Faqat biz bu haqiqatlarni tushunmaymiz yoki ularga quloq solmaymiz. Shaxsiy muhimlik tuyg’usini yengib o’tishda hazilkashlik juda qo’l keladi. Siz o’zingiz ustingizdan kula olasizmi? Yaqin do’stlarimiz davrasida bizga nisbatan beozor hazil qilinadi. Ammo bu narsa juda ko’p hollarda bizda salbiy munosabat uyg’otadi – biz darhol o’zimizni himoya qilishga yoki bizga hazil qilgan odamga javob hazil qilib, unga o’z o’rnini ko’rsatib qo’yishga harakat qilamiz. Masalan, sizni kimdir qo’rqoq deb hazillashdi. Hazil juda kulgili chiqdi va gurros kulgiga sabab bo’ldi. Bunda na hazillashgan odam va na davradagi boshqa odamlar sizni rostdan ham qo’rqoq deb o’ylamaydilar. Ular bu narsa hazil ekanini bilib turishgani uchun kuladilar. Ammo siz, nimagadir, buni ayblov yoki masxara deb qabul qilasiz va darhol qarshi hujumga o’tasiz yoki jimgina ichingizda xafa bo’lib qo’yasiz. Siz o’zingiz o’zingizni qo’rqoq ekaningizga ishonib qolasiz va bunday emasligini boshqalarga isbotlab berish istagi paydo bo’ladi. Esingizda bo’lsin – aybsiz odam o’zini hech qachon oqlamaydi, chunki uni “oqlaydigan” hech bir “qora” dog’i bo’lmaydi. O’zining ustidan ayovsiz, boshqalar ustidan beozor kula olish qobiliyati shaxsiy muhimlik tuyg’usining ildizini quritadi. Sizning ustingzidan hazil qilishsa – hammaga qo’shilib maza qilib kuling, Bu bilan siz bu narsaning haqiqatligini tan olgan emas, buning hazil ekanini tasdiqlagan bo’lasiz. Umuman, shaxsiy muhimlik tuyg’usi – juda makkor dushman. U sizni doim nozik yeringizdan tutish yo’lini topadi. Unga qarshi bir mukammal qurol bor. Ammo bu qanday qurol ekanini shaxsiy muhimlik tuyg’usining inisi bo’lgan tashqi muhimlik tuyg’usi haqidagi suhbatdan so’ng bayon qilaman. Faqat, tag’in sizga bir soat dam olish uchun vaqt – busiz davom ettirsak bo’lmaydi. Shirin taomni tanavvul qilgandan keyin uni asta-sekin hazm qiladilar. Shunday ekan, o’qigan narsalaringizni idrokan hazm qilib olishingiz lozim. 
Agarda sizga ma'qola manzur kelgan bo'lsa va kelgusida bundanda qiziqarli maqolalarni o'qimoqchi bo'lsangiz, hech ikkilanmay Sahifamizga