Muzeyi yo’q Abu Rayhon Beruniyning bugun tug’ilgan kuni

Muzeyi yo’q Abu Rayhon Beruniyning bugun tug’ilgan kuni

Muzeyi yo’q Abu Rayhon Beruniyning bugun tug’ilgan kuni

Bu dunyoga kimlardir keladi-ketadi, ulardan tuproqda iz ham qolmaydi. Yaratgan-egam ularni nima maqsadda dunyoga keltirganini O’zidan boshqa hech kim bilmaydi. Boshqa insonlar borki, ajratilgan bir umr davomida amalga oshirishga ulgurgan ishlari hajmiga ishonging kelmaydi. Bunda ham hikmat bor. Bunday insonlar nafaqat o’z xalqi, avlodlari nomini ulug’lab, buyuklikga dohil qilib ketadi, balki butun bashariyatni rivojlantirib qo’yadi. Shunday buyuklardan biri bizning Bobomiz - Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad al-Beruniydir.

Bugun uning tug’ilgan kuni. Biz Bobomiz bilan har qancha fahrlanishga haqlimiz. U inson astronomiya, fizika, matematika, geodeziya, geologiya, mineralogiya, tarix kabilarni chuqur oʻrgangan. U ona tilidan tashqari arab, soʻgʻdiy, fors, suryoniy, yunon, qadimgi yahudiy, hind, sanskrit tillarini bilgan.

Beruniy “Osor al-boqiya an alqurun al-xoliya” (“Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”) nomli mashxur asarni yaratgan.

Bundan tashqari Beruniy: “Astrologiyaga kirish”, “Astronomiya kaliti”, “Jonni davolovchi quyosh kitobi”, “Ikki xil harakatning zarurligi haqida”, “Koʻpaytirish asoslari”, “Ptolemey “Almagesti”ning sanskritchaga tarjimasi”, “Foydali savollar va toʻgʻri javoblar”, “Fargʻoniy “Elementlar”iga tuzatishlar”, “Turklar tomonidan ehtiyotkorlik”, “Oq kiyimlilar” va karmatlar haqida maʼlumotlar”, “Sheʼrlar toʻplami”, “Al-Muqanna haqidagi maʼlumotlar tarji-masi”, “Ibn Sino bilan yozishmalar” kabi asarlarni yozgan. Beruniy Aristotelning naturfilosofiyasini tanqidiy o’rgangan, uning zaif tomonlarini to’ldirgan.

Beruniy Kopernikdan bir necha asr avval Quyoshni koinot markazi deb oʻrgatuvchi geliotsentrik tizim haqida xulosa bergan. U yerni sferik shaklda ekanligi, ellips bo’yicha harakatlanishi haqida asoslangan hulosa bergan. Natijada boshqa dunyolar mavjudligi – Amerikaning borligini bashorat qilgan.

Beruniy jamiyatni boshqarishda ham ko’plab innovatsion hulosalarni beradi: jamiyat podshohga emas, podshoh jamiyatga xizmat qilishi kerakligini aytadi. Jamiyatda ijtimoiy shartnomani yuzaga kelishi asoslarini isbot qilib beradi. Ya’ni Evropada Tomazzo Kampanello tug’ilishidan 600 yil avval demokratiya asoslarini shalkllantirib bergan. Beruniy o’zaro muloqot va geografik omillar asosida inson tilining shakllanish qonuniyatlarini ochib bergan. Uning qilgan ishlarini yozaverasiz, yozaverasiz. Bir umrda abadiyatga doxil shuncha ishlarni amalga oshirish munkinmi? – deb o’zingizga savol berasiz.

Bunday ajdodi borlar, men buyuklardan bo’laman, mening “o’zim bekman” degisi keladi. Xojiboy bir vaqtlar aytganidek - “… sumalakni yaratganga Nobel mukofotini emas, Nobelga sumalakni berish kerak” deb maqtansak bo’laveradi. Sumalak ham bizning iftixorimiz.

Bu kabi maqtahishli yutuqlarimiz kam emas. Boshqa tomondan, maqtanishni yoqtiramiz ham. Bir qishloqda loy ko’chaga tosh yotqizilsa mo’ysafedlarimiz onda-sonda, faqat to’yda kiyadigan yaktak va do’ppilarini kiyib olib TVda - “odamzot yaratilibdiki bunday zamonlar bo’lmagan” deb maqtashga tushib ketishadi. Bunda ham bir hikmat bordir.

Yana Beruniy hazratlariga qaytamiz. Qoraqalpog’iston Respublikasi, Beruniy tumanida Bobomiz xotirasiga o’rnatigan ramziy qabr, bog’ hamda 20 yildan buyon bimayotgan muzey bor. To’g’rirog’I, muzey emas uning fundamenti bor. Bu yodgorlik “majmui”ga kirsangiz afsuslanib ketasiz. Nahot, 20 yil davomida jamiyatimiz va davlatimizda mana shu muzeyni yakunlash uchun imkoniyat topilmasa.

Ba’zi manbalarda aytilishicha, oxirgi paytlarda, Abu Rayxon Beruniyning xoki qo’yilgan Afg’onistonning G’azna shahridagi maqbara ham abgor ahvolga kelib qolgan. Taqdirning hazilimi, bilmadim, o’z asarlarida “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”ni bashariyatga boqiy qoldirgan insonga tegishli yodgorliklar o’z qaddini tiklay olmasa?

Bu yerda men hech kimni ayblamoqchi emasman (lekin shu tumanning eng kattasiman deb ko’krak kerib yurganlarga morojniy olib berish kerak). Bu maqoladan maqsad bitta – tilga olingan muzeyni yakuniga etkazish. Ushbu maqsaddan kelib chiqib, quyidagi taklifni bermoqchiman: tuman hokimligi rahnamoligida Beruniy muzeyini tiklash bo’yicha “yo’l xaritasi”, hisob-kitoblar, tashkiliy ishlar olib borilsa va muzlatib qo’yilgan qurilish ishlari jonlantirilsa. Buning uchun Hashar e’lon qilinsa, unga sarflanadigan mablag’larni yig’ishga mo’ljallangan tumanidagi banklardan birida hisob raqami ochilsa, ushbu hisob raqami maqsadi va vazifalari keng ommaga etkazilsa. O’ylaymanki, O’zbekistonda shu bir binoni qurilishi uchun etarli mablag’ to’planadi. Fikrli, madaniyatli odamlar soni etarli darajada.

Beruniy tumani hokimligiga va Madaniyat vazirligi bu tashabbusni qo’llaydi degan umiddamiz va ushbu hasharga birinchilardan pul o’tkazishga, hasharni targ’ib qilishga, bevosita qo’limizdan kelgan yordamni ko’rsatishga tayyor ekanligimizni bildiramiz.

Bobomizning ruhi shod bo’lsin!