G‘ayrioddiy sahifalangan kitoblar

G‘ayrioddiy sahifalangan kitoblar

G‘ayrioddiy sahifalangan kitoblar

Kitob do‘konlariga kirganda chiroyli qilib ishlangan kitoblarni ko‘ramiz-u, ularni xarid qilgimiz keladi. Ba'zi insonlar borki, ular kitob nima haqida ekanligini bilmasdan ham, bejirim, noodatiy bo‘lgan kitoblarni yig‘ishni xush ko‘radilar.


Ular buni o‘zlarining “hobby”lari deb atashadi. Biz ham ana shu “hobby” egalariga g‘ayrioddiy bo‘lgan kitoblarni taqdim etmoqchimiz.

Gollandiyalik yosh dizayner Job Van Rijn tomonidan yaratilgan kitob. U bir ko‘rishda g‘alati, ammo kayfiyatni ko‘taruvchi dizaynga ega. Kitob ixchamgina bo‘lib, o‘lchami 90x60mm ga teng.

Illustrator Evan Lorenzen kitobxonlarga tirnoq o‘lchamidagi kitobni taqdim etdi. Ushbu kitob o‘quvchilar tomonidan qo‘l mehnati yordamida yaratilgan eng noyob buyum sifatida e'tirof etildi. Hajmi kichik bo‘lishiga qaramay, undagi suratlar tushunarli holda tasvirlangan. Ushbu kitobda yerning yaralish tarixiga oid voqea-hodisalar jamlangan.


San'atkor Brayn Dettmer kitoblarni bo‘laklarga bo‘lish orqali, o‘zining yangicha dizaynini yaratgan. Qaychilar hamda maxsus qisqichlar yordamida kitobning tanlab olingan varaqlarini ehtiyotkorlik bilan qirqib chiqqan. Natijada kitobning ichki qismi murakkab ko‘rinishga ega bo‘lgan san'at asariga aylangan. Dettmerning yaratgan kitoblari foydali bo‘lib, o‘quvchini o‘ylashga, fikrlashga majbur qiladi. Uning loyihasida buzg‘unchilik bilan ham qandaydir yangilik va go‘zallikka erishish mumkinligi ko‘rsatib berilgan.

“Sandwich book” - taomlar haqida so‘zlovchi kitob. Kitobning ko‘rinishi huddi sendvichning o‘zginasi. Ushbu kitobni ko‘rishigiz bilanoq, ishtaxangiz ochilib, taom tayyorlashga kirishasiz. Kitobning har bir sahifasida sendvich va turli salatlarni tayyorlash uchun ishlatiladigan mahsulotlar aks etgan. Mazkur kitob uy bekalari undan retseptlar majmuasi sifatida foydalanishlari uchun chop etilgan. Mazkur g‘oya polshalik dizayner Pavel Piotrovskiy tomonidan o‘ylab topilgan.


“Zobeydeh” deb nomlangan ushbu kitob “ACA artist book design 2013” tanlovining final ishtirokchisi, dizayner Samira Rahimi tomonidan yaratilgan. Unda “Zabeydeh”, “oq orzular shahri” o‘ymakorlik san'ati orqali tasvirlab berilan. Kitobning ustki qismida ko‘zgu bo‘lib, siz unda o‘z aksingizni ko‘rishingiz mumkin. Bu esa kitobni o‘zgacha kayfiyatda mutolaa qilishingizni ta'minlaydi. Ichki qismida shahar, bekatlar, yo‘llar, odamlar, umuman, shu shaharning muhiti tasvirlangan. Kitobni varaqlayotganingizda huddi shahar ichida yurgandek bo‘lasiz.


“RGB Colorspace atlas”

Amerikalik dizayner Tauba Akerbach yaratgan mazkur kitob 8x8 o‘lchamga ega. Bir qarashda kubni eslatadi. Uning sahifalari birma-bir kamalak ranglarga bo‘yab chiqilgan bo‘lib, ajoyib holatga keltirilgan. Uning ichki qismi qog‘ozdan qilingan, muqovasi esa maxsus mato bilan qoplangan.


“For Browsing Only”. Mazkur kitob Browsing Copy Project tomonidan yaratilgan. Dizaynerlar kitob do‘konlari va omborlarida chang bosib yotgan, keraksiz kitoblardan foydalangan holda ushbu dizaynni yaratishdi. Bu kitoblar, sifatli hamda o‘quvchini qiziqtira oladigan yaroqli kitoblarga aylanadi.


“Flipped” nomli kitob. O‘qish uchun 2ta taraf (o‘ng va chap)ga ega bo‘lgan kitob. Dizayni, asosan, qizlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib pushti rang uni yanada jozibadorlik baxsh etgan. Nozik va nafis ishlangan bu kitob ixchamgina ko‘rinishga ega.

.


“We collaborate” (“Biz hamkormiz”) dizayni hammualliflikda yozilgan asarlarni chop etish uchun mo‘ljallangan. Uning old va orqa muqovalarida mualliflarning suratlari joylashtiriladi.


“CPA Recipe Book” kitobi Jeyson Bos g‘oyasiga asosan yaratilgan. Ushbu kitobni ikki tarafidan ochib o‘qish mumkin. Bir qarashda qandaydir qo‘llanmani eslatib yuboradi. Kitob ayollar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, undan ko‘plab mazali taomlarning retsyeptlari olishingiz mumkin.


Manba: Xabardor.uz